O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligiga Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston! SHONLI AN’ANALARNI DAVOM ETTIRIB...

Kokilini Amudaryo sohillari yuvib turadigan qoraqalpoq diyorining cheksiz kengliklari, yovshanlar qoplagan qumliklari, Ustyurt platosidagi qaynoq jarayonlarni ortda qoldirib, gullab-yashnayotgan Nukus shahri qarshingizda paydo bo‘ladi. Bir-biridan go‘zal va mahobatli inshootlar orasida ko‘rkam sport majmualarida navqiron o‘g‘il-qizlar qo‘lga kiritayotgan yutuqlari bilan bo‘ylashayotgandek tuyuladi. Uzoq yillik an’ana va tajribalarni uyg‘unlashtirgan qoraqalpoq sporti bugun ham shonli g‘alabalarini sharaf bilan davom ettirmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 35ta sport federatsiyasi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, 3100 dan ziyod sport ob’ekti ularning ixtiyoriga berilgan. 6ta suzish havzasi yoshlar kamol topishi uchun xizmat qilyapti. 138 ming 500 nafar o‘g‘il-qiz turli yo‘nalishlarda sport-sog‘lomlashtirish tadbirlariga jalb etilgan. 32 ming 200 nafari bolalar va o‘smirlar sport maktablari tarbiyalanuvchilari.
Bundan tashqari, ushbu zamin yigit-qizlari og‘ir atletika, akademik eshkak eshish, erkin, yunon-rum va ayollar kurashi, badiiy va sport gimnastikasi bo‘yicha ham yuksak mahoratga ekanini bir necha bor amalda isbotlashgan. Voleybol va basketbol bo‘yicha uch bosqichli sport tizimi musobaqalarida qoraqalpoq yoshlarini sovrindorlar safida uchratish an’anaga aylangan.
Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Qoraqalpog‘iston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tarafidan 2003 yildan hozirga qadar 150ga yaqin sport ob’ekti qurildi. Shundan salkam 100 tasi qishloq joylarida qad rostladi.
Respublika Jismoniy tarbiya va sport davlat ko‘mitasiga qarashli 4 ta ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 18 ta bolalar o‘smirlar sport maktabi, bittadan futbol maktab-internati va Olimpiya zaxiralari kolleji faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
— Jismoniy tarbiya va sportga aholini jalb etish dolzarb vazifamizdir. Prezidentimizning professional va ommaviy sportni rivojlantirishga oid qarorlari bizga yangi kuch va g‘ayrat baxsh etmoqda. Ushbu qarorlar ijrosini ta’minlash yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti, - dedi “Sport” gazetasi muxbiri bilan suhbatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi G‘ayratbay Bayniyazov.
Joriy yilda xalq bilan muloqotga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning virtual qabulxonasiga bugungi kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslardan qoraqalpoq sporti sohasiga oid 12ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, barchasiga javoblar qaytarilgan. Maqsadimiz sport har bir xonadonga kirib borishini ta’minlash. Bu borada qo‘mita mutasaddilari, murabbiylar keng ko‘lamli ish olib borishyapti. So‘ngi yillarda velosport, qilichbozlik jadal rivojlanib, sportchilarimiz O‘zbekiston chempionatlarida yaxshi natijalarga erishmoqda. Tez orada ot sporti seksiyalarini ochish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda, - suhbatni davom ettirdi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Serikbay Jusipbekov.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida o‘zbek va qoraqalpoq milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining “Barhayot qadriyatlar” haftaligi doirasida Qoraqalpog‘istonda kurash, turon yakkakurashi, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati va milliy xalq o‘yinlari bo‘yicha Nukus shahrida musobaqalar yuqori saviyada o‘tkazildi. Xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ular orasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish maqsadida “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” shiori ostida an’anaviy mintaqaviy “Ayollar sport festivali”, “Sog‘lom avlod uchun” shiori ostida suzish, sinxron suzish, suvga sakrash, gimnastika, badiiy gimnastika, sport raqsi va gimnastrada sport musobaqalari o‘tkazib turish odat tusiga kirgan.


Joriy yil boshidan shu kungacha shahar va tuman hokimliklari, turli davlat hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda 400ga yaqin turli darajadagi musobaqalar o‘tkazildi. Ularda 62 259 nafar yosh sportchi ishtirok etdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi 89 ta yirik sport tadbirlariga mezbonlik qildi. Nukus shahrida dzyudo, belbog‘li kurash va voleybol bo‘yicha respublika chempionatlari o‘tkazildi. Shuningdek, qoraqalpoq sportchilari O‘zbekiston chempionatlari va kubogi musobaqalarida jami 427 ta medalni qo‘lga kiritishdi (shundan 107 ta oltin, 163 ta kumush, 153 ta bronza).
Olimpiya sport turlari bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar sportchi oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya fakultetlariga imtiyozli o‘qishga qabul qilindi. Mamlakat terma jamoasi safiga Qoraqalpog‘iston sportchilaridan 265 nafari kiritilgani bu zamin iste’dodlarga boy ekanini tasdiqlab turibdi.
Joriy yilning o‘tgan davrida jahon chempionati va kubogida 2 ta (1 ta oltin, 1 ta bronza), Osiyo chempionatlari va kubogida 16 ta (4 ta oltin, 4 ta kumush, 8 ta bronza), xalqaro turnirlarda 45 ta (9 ta oltin, 12 ta kumush, 24 ta bronza) medal qo‘lga kiritildi.
Fevralda Latviya poytaxti Riga shahrida bo‘lib o‘tgan stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda maktab tarbiyalanuvchisi Muhiddin Rajapov 3-o‘rinni egalladi. Yoki taekvondo WT ustasi Islom Yo‘ldoshev Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan Fujairah Open turnirida bronza medali sohibi bo‘ldi. Poytaxtimizda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha Osiyo ochiq chempionatida Mohim Orazmuhammedova 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Qoraqalpog‘iston og‘ir atletikasi faxri bo‘lgan Rustam Jangabayev Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida aprel oyida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida dast ko‘tarishda 196 kg, siltab ko‘tarishda 241 kg, jami 437 kg) 1-o‘rinni egalladi. Rustam, shuningdek, Ozarbayjon poytaxti Bokuda may oyida o‘tkazilgan IV Islom birdamlik o‘yinlarida (dast ko‘tarishda 193 kg, siltab ko‘tarishda 238, jami 431 kg) chempionga aylandi. Ushbu musobaqada dzyudochimiz Amangul Allanazarova (57 kg) va karate ustasi Dostonbek Otabolayev (75 kg) bronza medallari bilan taqdirlandi.
Akademik eshkak eshish bo‘yicha Rossiya poytaxtida o‘tgan “Bolshaya Moskovskaya regata” musobaqasida Islom Mambetnazarov to‘rt kishilik qayiqda birinchi, ikki kishilik qayiqda esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Taypey (Xitoy) shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasida erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha Osiyo chempionatida Baxtigul Boltaniyozova (ayollar kurashi) kumush, Xadicha Najimova va Aktenge Keulimjayeva bronza, Jalg‘as Berdimuratov (yunon-rum kurashi) bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi. Erkin kurash ustalari orasida Alpamis Qidirniyazov, Tohir O‘rozxonov, Rasulbek Nurimbetov, Arslan Xojanazarov, Jalol Ismoilov kabi o‘nlab polvonlar yetishib kelmoqda. Ular har bir musobaqada o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli namoyish etishyapti.
Bir so‘z bilan aytganda, nafaqat Nukus shahri, balki bir tomoni Qizilqum cho‘llariga tutash Ellikqal’a, Beruniy, To‘rtko‘l tumanlari, bir yoni Orolning qadim sohillariga qadar cho‘zilgan Mo‘ynoq tumanlarida ham jismoniy tarbiya va sport yoshlarning kundalik mashg‘ulotiga aylanib ulgurdi. Maqsad faqat sog‘lom bo‘lish bilan birga yuksak marralarni zabt etish, ona yurt madhiyasini jahonning turli burchaklarida o‘tadigan yirik musobaqalarida baralla yangratish, mustaqil O‘zbekiston farzandi sifatida Vatanga xizmat qilish ezgu niyatlarning ko‘lamini o‘ziga jo etgan. Bugungi ishlar, zabt etilayotgan marralar shundan dalolat emasmi?!
Fazliddin SATTOROV

Biz bilan bog'lanish

  • "Ishonch telefoni" raqami:+998 (71) 239-24-39
  • "Yagona telefon" raqami:+998 (71) 239-24-39
  • Ish kunlari (shanba va yakshanbadan tashqari) 9:00 dan 18:00 gacha (tushlik 13:00 dan 14:00 gacha)
  • "Ishonch telefoni" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • "Yagona telefon" orqali murojaatlarni ko'rib chiqish yo'riqnomasi.
  • Yuridik manzil: O‘zbekiston, Toshkent shahar, 100060, Amir Temur ko‘chasi, 17-uy
  • E-mail: info@goskomsport.uz
  • Telefon: (99871) 239-24-07
  • Faks:  (99871) 239-24-07, 239-24-39
  • Mo'ljal:  Amir-Temur hiyoboni
  • Transportlar:
    • Avtobuslar: 85,51
    • Marshrut taksilar: 17, 62, 95, 152, 153, 169